“Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” tanlovning asosiy maqsadi – iqtidorli va isteʼdodli xotin-qizlar, ayollar va yosh olimalarning innovatsion faoliyati natijalari va tashabbuslarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish hamda salohiyatli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etishdan iborat.
Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 7-martdagi PF-87 Farmonida belgilangan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil
19-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 222-son qarorining
2-ilovasi “Boʻlajak olim” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi. Ushbu tanlovga Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan
10 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan.
“Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” tanlovi doirasida yosh olimalarning yangi istiqbolli yo’nalishlar bo’yicha biznes loyihalari boʻyicha arizalar qabul qilinadi.
Biznes loyiha – amalga oshish xavfi yuqori boʻlgan sharoitda yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratuvchi innovatsion ishlanmalarning qoʻllanilishi, koʻlami
va tez oʻsish surʼati bilan farqlanadigan yangi biznes loyiha.
Topshiriladigan biznes loyiha shartlari:
Loyiha ijrochilarining tarkibi faqatgina xotin-qizlardan iborat boʻlishi;
Loyiha ijrochilarining yoshi ularning ilmiy darajasi, unvoni, mansabi va ish joyidan qatʼiy nazar 40 yoshdan oshmasligi;
1 ta jamoa 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi lozim;
Topshirilgan biznes loyihani amalga oshirish uchun so‘ralgan mablag‘ miqdori Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-sonli qarorining
2-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomdagi hajmidan oshmasligi.
Biznes loyihalarni to’liq ishga tushirishning yakuniy muddati bir yilgacha boʻlishi.
Tanlov doirasida Biznes loyihalar boʻyicha takliflar 2022-yilning 10-iyun soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.
Taqdim etilgan biznes loyihalar tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiat) yoʻl qoʻyilmaganligi, belgilangan talablar asosida shakllantirilganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.
Dastlabki texnik ekspertizadan oʻtmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.
Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy gʻoya hamda biznes loyiha mualliflari shaxsan javobgar hisoblanadi.
www.yoshlarakademiyasi.uz sayti orqali loyihalarni topshirish bilan bogʻliq texnik masalalar boʻyicha: (71) 203-32-23 Ichki raqam – (233).