“Boʻlajak olim” tanlovning asosiy maqsadi – iqtidorli va isteʼdodli yosh olimlarning innovatsion faoliyati natijalari va tashabbuslarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish hamda salohiyatli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etishdan iborat.
Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlantirishdagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 1-apreldagi PQ-5047 qarorida belgilangan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 19-apreldagi 222-son qarorining 2-ilovasi “Boʻlajak olim” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi.
Boʻlajak olim tanlovi doirasida yosh olimlarning yangi istiqbolli yo’nalishlar bo’yicha STARTAP loyihalari boʻyicha arizalar qabul qilinadi
Startap loyiha — amalga oshish xavfi yuqori boʻlgan sharoitda yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratuvchi innovatsion ishlanmalarning qoʻllanilishi, koʻlami va tez oʻsish surʼati bilan farqlanadigan yangi biznes loyiha.
Topshiriladigan startap loyiha shartlari:
- Loyiha ijrochilarining yoshi ularning ilmiy darajasi, unvoni, mansabi va ish joyidan qatʼiy nazar 40 yoshdan oshmasligi;
- 1 ta jamoa 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi lozim;
- Topshirilgan startap loyihani amalga oshirish uchun so’ralgan mablag’ miqdori Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-sonli Qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomdagi hajmidan oshmasligi.
- Startap loyihalarni amalga oshirishning eng koʻp muddati bir yilgacha boʻlishi.
Tanlov doirasida Startap loyihalar boʻyicha takliflar 2022-yilning 15-may soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.
Bunda vazirlik tomonidan taqdim etilgan shakllar asosida www.yoshlarakademiyasi.uz veb-sahifasining tanlovlar rukni orqali ariza topshirishi lozim:
- Taqdim etilgan startap loyihalar tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiat) yoʻl qoʻyilmaganligi, belgilangan talablar asosida shakllantirilganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.
- Dastlabki texnik ekspertizadan oʻtmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.
- Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy gʻoya hamda startap loyiha mualliflari shaxsan javobgar hisoblanadi.
www.yoshlarakademiyasi.uz sayti orqali loyihalarni topshirish bilan bogʻliq texnik masalalar boʻyicha: (71) 203-32-23 Ichki raqam – (233).