Innovatsion rivojlanish vaziri Andijonda qurib bitkazilgan Yoshlar texnoparkini borib koʻrdi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 313-son qaroriga asosan 2020-2023-yillarda respublikaning har bir hududida yoshlar texnoparklarini tashkil etish belgilab berilgan. Bugungi kunda 6 ta viloyatda texnoparklar tashkil etish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

11-iyun kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Andijon viloyatida qurilish ishlari bitkazilgan Yoshlar texnoparkini borib koʻrdi.

Mazkur yoshlar texnoparkida yoshlarning startap loyihalarini amalga oshirishga hamda takomillashtirishga xizmat qilidi. Texnoparkda kovorking markazi, biznes inkubator va startap akseleratorlar faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari yoshlar texnoparkida 3D modellashtirish, robototexnika, mexatronika va x.k. boʻyicha darslar berib boriladi.

Texnoparklar faoliyatining asosiy vazifalari sifatida hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining faoliyatini rivojlantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, taʼlim muassasalari, ilmiy tashkilotlar va Texnologiyalar va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash markazlari bilan hamkorlikda yoshlarni intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish belgilangan.

Bu yerda yoshlarning “startap” loyihalarini rivojlantirish va ularni amalga oshirish uchun yagona maydon tashkil etish orqali hududlarning innovatsion salohiyati oshiriladi.

Yoshlar texnoparklari orqali iqtidorli yoshlarni rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish tashkilotlarida malaka oshirishlariga koʻmak beriladi.

Bundan tashqari respublikamizning har bir viloyatida tashkil etilgan Yoshlar texnoparklarida yetakchi kompaniyalar vakillari, malakali mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida treninglar va master-klasslarni, shuningdek, yoshlarda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish va ishlab chiqaruvchilar bilan innovatsion-korporativ aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida ilmiy-texnik konferensiya, seminar, oʻquv kurslari va treninglar tashkil etiladi.

Iqtidorli yoshlar tomonidan taklif etilgan dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha loyihalarni saralash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mavzuga oid grantlar berish yuzasidan eʼlon qilib boriladigan tanlovlarga yoʻnaltiriladi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning fevral oyida Ohangaron shahrida Yoshlar texnoparki faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 10 nafar yoshlar ish bilan taʼminlandi. 2021-yil yakuniga qadar Andijon, Samarqand, Nukus Guliston va Navoiy shahrida viloyatlarida Yoshlar texnoparklari tashkil etiladi va yangi 50 ta ish oʻrni yaratiladi.