Yoshlar akademiyasi tomonidan Chust tumanidagi 200 nafar yoshlar moliyaviy ragʻbatlantiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-19-fevral kunlari Namangan viloyatida tashrifi davomida va Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida bergan topshiriqlari boʻyicha “Namangan viloyati Chust tumanini innovatsion hududga aylantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqilgan. Unda “Har bir yoshga bir gektar” dasturi doirasida yer maydoni ajratilgan 200 nafar yoshlarning bir martalik ragʻbatlantirilishi ham nazarda tutilgan.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Hayʼatining 17-maydagi yigʻilishida Namangan viloyati Chust tumanida “Har bir yoshga bir gektar” dasturi doirasida yer maydoni ajratilgan 200 nafar yoshlarga bir martalik ragʻbatlantirilishi masalasi koʻrib chiqildi. Chust tumani hokimligi tomonidan shakllantirilgan “Har bir yoshga 1 gektar” loyihasi doirasida 20 sotix yer maydoniga ega 200 nafar yoshlar roʻyxati Yoshlar akademiyasi tomonidan tasdiqlangan.

Hayʼat aʼzolari Yoshlar akademiyasi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har bir yoshni ikki million soʻmdan ragʻbatlantirish boʻyicha ijobiy qaror chiqardilar. Mazkur pul mablagʻlari yoshlar tomonidan ekin yetishtirish uchun zarur boʻlgan kerakli urugʻlik va oʻgʻit mahsulotlarini sotib olishga sarflanadi.