Yoshlar akademiyasi “Boʻlajak olim” tanlovini eʼlon qiladi

“Boʻlajak olim” tanlovning asosiy maqsadi – iqtidorli va isteʼdodli yosh olimlarning innovatsion faoliyati natijalari va tashabbuslarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish hamda salohiyatli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etishdan iborat.

Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 19-apreldagi 222-son qarorining 2-ilovasi “Boʻlajak olim” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi.

Boʻlajak olim tanlovi doirasida yosh olimlarning:

  • Ilmiy gʻoyalari ragʻbatlantiriladi
  • Ilmiy va startap loyihalari moliyalashtiriladi.

I. Ilmiy gʻoya – ilmiy dalil, muammo, faraz, nazariya kabi voqelikni aks ettirish shakllaridan biri boʻlib, fan taraqqiyotning samarasi, ilmiy kashfiyotlarning natijasi sifatida paydo boʻladigan, turli fan sohalarining asosiy tamoyillari, ustuvor qoidalari asosida ishlab chiqilgan loyiha.

Ilmiy gʻoyalarni ragʻbatlantirishga qoʻyiladigan shartlar:

  1. Talabgorlarning yoshi ularning ilmiy darajasi, unvoni, mansabi va ish joyidan qatʼiy nazar 40 yoshdan oshmasligi;
  2. 1 ta ishtirokchi 1 ta gʻoya bilan ishtirok etishi;
  3. Topshirilgan ilmiy gʻoyani amalga oshirish uchun talab etiladigan mablagʻ miqdori Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-sonli Qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomdagi hajmdan oshmasligi.
  4. Ilmiy gʻoyalar asosida maket va (yoki) prototip, dasturiy mahsulot, xizmatlar va ijtimoiy mahsulotlar yaratishning eng koʻp muddati bir yilgacha boʻlishi.

Tanlov doirasida Ilmiy gʻoyalar boʻyicha takliflar joriy yilning 20-iyun soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.

Bunda vazirlik tomonidan taqdim etilgan shakllar asosida quyidagi hujjatlar www.yoshlarakademiyasi.uz veb-sahifasining tanlovlar rukniga yuklanishi lozim:

  1. Talabgorlarning fuqarolik pasporti yoki identifikatsiya ID kartasi nusxasi,3×4 sm oʻlchamdagi oq fondagi 2 dona rangli fotosurati (.jpeg).
  2. Ilmiy gʻoya matni. Bunda ilmiy gʻoyaning amalga oshirish mexanizmlari, muddati va dastlabki natijalari koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Asl nusxasi skaner qilinib, pdf hamda word shaklida taqdim etiladi.
  3. Ilmiy gʻoyani amalga oshirish uchun talab etiladigan mablagʻ toʻgʻrisida maʼlumotnoma va xarajatlar smetasi.
  4. Ilmiy gʻoya taqdimoti. (5 slayddan oshmasligi, ilmiy gʻoya mazmuni toʻliq yoritilgani). 

 

II. Startap loyiha — amalga oshish xavfi yuqori boʻlgan sharoitda yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratuvchi innovatsion ishlanmalarning qoʻllanilishi, koʻlami va tez oʻsish surʼati bilan farqlanadigan yangi biznes loyiha.

Topshiriladigan startap loyiha shartlari:

  1. Loyiha ijrochilarining yoshi ularning ilmiy darajasi, unvoni, mansabi va ish joyidan qatʼiy nazar 40 yoshdan oshmasligi;
  2. 1 ta jamoa 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi (jamoa aʼzolari soni
    5 nafardan oshmasligi lozim);
  3. Topshirilgan startap loyiha amalga oshirish miqdori Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-sonli Qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomdagi hajmdan oshmasligi.
  4. Startap loyihalarni amalga oshirishning eng koʻp muddati bir yilgacha boʻlishi.

Tanlov doirasida Startap loyihalar boʻyicha takliflar joriy yilning 31-may soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.

Bunda vazirlik tomonidan taqdim etilgan shakllar asosida quyidagi hujjatlar www.yoshlarakademiyasi.uz veb-sahifasining tanlovlar rukni orqali yuklanishi lozim:

  1. Tanlovda ishtirok etish uchun ariza (.pdf), jamoa har bir aʼzosining fuqarolik pasporti yoki identifikatsiya ID kartasi nusxasi (.pdf), 3×4 sm oʻlchamdagi oq fondagi 2 dona rangli fotosurati (.jpeg);
  2. Startap loyiha maʼlumotnomasi (.pdf);
  3. Startap loyihani amalga oshirish uchun xarajatlar smetasi;
  4. Startap loyiha biznes rejasi (.pdf);
  5. Startap loyiha taqdimoti. (7 slayddan oshmasligi, startap loyiha mazmuni toʻliq yoritilgani) (.pdf).

 

  • Taqdim etilgan ilmiy gʻoya hamda startap loyihalar tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiat) yoʻl qoʻyilmaganligi, belgilangan talablar asosida shakllantirilganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.
  • Dastlabki texnik ekspertizadan oʻtmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.
  • Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy gʻoya hamda startap loyiha mualliflari shaxsan javobgar hisoblanadi.

www.yoshlarakademiyasi.uz sayti orqali loyihalarni topshirish bilan bogʻliq texnik masalalar boʻyicha: (71) 203-32-23 (233).

‼️‼️ Tanlovlarga arizalar 2021-yil 1-may sanasidan boshlab qabul qilinadi.