Italiya texnoparklari bilan aloqalar oʻrnatilmoqda

Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Italiyadagi elchixonasi koʻmagida Italiya texnoparklari va Oʻzbekistondagi mavjud texnoparklar oʻrtasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va istiqbolli aloqalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha onlayn uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda Oʻzbekiston va Italiya davlatlari oʻrtasida innovatsion infratuzilmalar xususan, texnoparklar, innovatsion markazlar, ilmiy parklar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda qoʻshma dasturlar va istiqbolli startap loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuvda Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari O.Toʻychiyev, Oʻzbekistonning Italiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi O.Akbarov va vazirlikning tegishli boshqarmasi xodimlari, Yashnobod innovatsion texnoparki vakillari bilan bir qatorda Italiya tomonidan “Italiya-Oʻzbekiston” savdo-sanoat palatasi raisi Luidji Iperti, InnovUp innovatsion va startaplar uyushmasi rahbari oʻrinbosari Fabritsio Konichella, Italiyaning AREA Science Park, Hub Innovazione Trentino, Bioindustry Park Canavesse, Tecnologico di Navacchio kabi texnoparklar direktorlari ishtirok etishdi.

Taʼkidlash joizki, InnovUp Italiyaning ilgʻor innovatsion va startaplarni rivojlantirish ekotizimi boʻlib, u oʻz ichiga innovatsion markazlar, ilmiy texnoparklar, kichik va oʻrta biznes vakillari, inkubatorlar, akseleratorlar, investorlarni birlashtirgan innovatsion tarmoqlar birlashmasi hisoblanadi.

Tadbirda Oʻzbekiston va Italiya texnoparklari vakillari oʻzlarining taqdimotlari bilan ishtirok etishdi va yangi loyihalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda kelgusida startaplarni qoʻllab-quvvatlash, vebinarlar, mutaxassislar almashuv dasturlari, xususiy sektor va davlat sektorlari oʻrtasida hamkorlik (PPP cooperation) boʻyicha ham aloqalarni kengaytirish masalalariga qiziqish bildirildi.

Mazkur uchrashuv davomida hozirgi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Startaplar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi yuqori baholandi va qonun loyihasi yuzasidan oʻzlarining takliflarini va kelgusida ushbu Qonun loyihasini takomillashtirishda koʻmaklashishga tayyor ekanligini bildirishdi.

– 2012-yili Italiyada “Startaplar toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilingach mamlakatimizda startap loyiha va kompaniyalarning sonini sezilarli darajada ortdi, – dedi Italiyaning InnovUp innovatsion va startaplar uyushmasi rahbari Fabritsio Konichella. – Qonun startaplarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashda huquqiy hujjat boʻlib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat mamlakatda yangi innovatsion loyihalarni rivojlantirish, mahsulotlarni tijoratlashtirish, yangi xizmat turlarini joriy etishni kengaytirishga moʻljallangani bilan muhim. Oʻz oʻrnida Italiyada yangi loyihalarni amaliyotga joriy etishda ilmiy parklar, texnoparklar va oliy taʼlim muassasalari hamkorligi yuqori darajada.

Italiya tomonining startap loyihalarni amaliyotga joriy etishdagi ilgʻor tajribalaridan kelib chiqib, Innovatsion rivojlanish vazirligi mazkur sohada oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishdi.

Uchrashuv yakunida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnobod” innovatsion texnoparki bilan Italiyaning InnovUp innovatsion va startaplar uyushmasi texnoparklar oʻrtasidagi hamkorlikni, startap loyihalarni rivojlantirish va oʻzaro tajriba va innovatsion loyihalar almashish tizimini joriy qilish boʻyicha anglashuv Memorandumini tayyorlash va oʻzaro imzolash hamda kelajakda ushbu sohada Italiya—Oʻzbekiston hamkorligini kuchaytirishga kelishib olindi.