2021-yil 17-fevral kuni Ohangaron shahridagi Toshkent viloyati Yoshlar texnoparkining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda yoshlar, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Toshkent viloyati hokimiyati masʼullari, koʻplab OAV vakillari ishtirok etdilar. Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Olimjon Toʻychiyev va Toshkent viloyati hokimi v.b. Davron Hidoyatov ochib berdi.
– Ohangaron shahrida barpo etilgan Yoshlar texnoparki oʻquvchi va talabalarning, kasb oʻrganayotgan yoshlarimizning texnik yoʻnalishdagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarni muhandislik sohasiga qiziqishini oshirish, bor bilimlarini mustahkamlash va amaliyotga joriy etish maqsadida barpo etildi, – dedi O. Toʻychiyev. – yoshlarning bu dargohda erishgan yutuqlari, amalga oshirgan loyihalari, gʻoyalarni mahsulotga aylantirish yoʻlidagi ishlarning bari Respublikamizning boshqa hududlarida ham ochilishi kerak boʻlgan Yoshlar texnoparkiga namuna boʻladi. Birinchi boʻlish qiyin va masʼuliyatli. Mana shu birinchilikni har jabhada saqlab qolishingizni, yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, jamiyatimiz, xalqimiz va vatanimiz uchun foydali ishlanmalar yaratishingizni tilab qolaman.
Hududlarda tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparkining asosiy maqsadi yoshlarni intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish, yoshlarning oʻz intellektual salohiyatini namoyon qilishi va ijtimoiy moslashuvi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni zamonaviy kasb-hunarga yoʻnaltirish hamda bandligini taʼminlash hisoblanadi. Hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan hududlardagi Yoshlar texnoparklari bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Yoshlar texnoparklari hududlardagi yoshlarni innovatsion faoliyatga keng jalb qilish, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirishga katta turtki boʻlishi hamda uning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini oshirishi kutilmoqda.
Yoshlar texnoparklarining ilk qaldirgʻochi Toshkent viloyati Yoshlar texnoparki Ohangaron shahrida qurib bitkazildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi mablagʻlari hisobidan zamonaviy laboratoriya uskunalari hamda texnikalari xarid qilindi. Ushbu texnoparkda yoshlar robototexnika va mexatronika, elektronika, 3D prototiplashtirish, 3D modellashtirish, dasturlash kabi kelajak kasblari boʻyicha taʼlim olishadi. Ushbu yoʻnalishlar boʻyicha oʻz loyihalarini ishlab chiqishadi, loyihalarning akseleratsiya jarayonlarini amalga oshiradi hamda tijoratlashtiradi. Ohangaron shahridagi Yoshlar texnoparki Toshkent viloyati miqyosida faoliyat yuritadi. Toshkent viloyatidagi shaharlar va qishloqlar bir-biridan anchayin uzoq masofada joylashgani uchun Innovatsion rivojlanish vazirligining “TexnoBus” mobil taʼlim platformasi viloyatning turli hududlarida yoshlarga zamonaviy yoʻnalishlarda taʼlim beradi hamda iqtidorli yoshlarni Toshkent viloyati Yoshlar texnoparkiga jalb etadi.
Toshkent viloyati Yoshlar texnoparki direktori Oybek Toʻychiyev tadbir ishtirokchilarini texnoparkning kelgusi rejalari haqida gapirdi. Texnoparkka kelgan yoshlar oʻz takliflari, xohish va istaklarini izhor etdilar. Xususan yosh olimlarning xorijiy ilmiy nashrlarda maqolalarini chiqarish boʻyicha xarajatlarini qoplash, texnoparkda akademik ingliz tili kurslarini tashkil etish masalalari koʻtarildi va ularga ijobiy yechimlar topildi. Ohangaron shahar hokimi Yoshlar texnoparki aʼzolariga 10 ta zamonaviy noutbuk taqdim etdi.