2020-yil 15-dekabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Koreya madaniy markazlari assotsiatsiyasi huzuridagi Yoshlar markazi oʻrtasida startap korxonalari qoʻllab-quvvatlash, venchur kapitali va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandumga koʻra hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshirilishi belgilangan:
- Startap tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni shakllantirish;
- yurtimiz yoshlari oʻrtasida startap tashabbuslarni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish;
- startaplar, tadbirkorlik (tadbirkorlik asoslari) sohalarida aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan oʻquv tadbirlarini tashkil etish;
- hamkor tomonlarning aʼzolari uchun bepul ilmiy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish;
- startaplar, fan va innovatsiyalar sohasida oʻzaro kelishilgan boshqa hamkorlik yoʻnalishlarida ishtirok etish;
- investitsiyalarni jalb qilish bilan istiqbolli startap-loyihalarning qoʻshma bazasini shakllantirish;
- tijoratlashtirish uchun biznes modelini ishlab chiqishda yordam berish;
- loyihalarni ishlab chiqishda maslahat yordamini koʻrsatish;
- xalqaro va davlat grantlarini moliyalashtirishni jalb qilishda yordam berish;
Shu bilan birga tomonlar birgalikda Yoshlar akademiyasi aʼzolari, startap tashkilotlar vakillari, iqtidorli va tashabbuskor yoshlar uchun forumlar, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari, brifinglar tashkil etish, shuningdek, venchur kapital fondlari, ilmiy-tadqiqot va boshqa davlat tuzilmalari vakillari oʻrtasida maslahatlashuvlar oʻtkazishga kelishildi.
Ma’lumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Koreya madaniy markazlari assotsiatsiyasi huzuridagi “Shinsedae” yoshlar markazi 2012-yil tashkil topgan bo‘lib, markaz yoshlar orasida koreys madaniyatini rivojlantirish va qo’llab-quvvatlashga mo’ljallangan. Shuningdek, markaz har yili muntazam ravishda yoshlar forumlari, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan startap tanlovlar, yoshlarda liderlik qobiliyatini shakllantirishga qaratilgan mahorat darslari tashkil etib keladi.
_____________
Yoshlar akademiyasi — Ilm-fan sohasiga o’z hissangni qo’sh