
Respublikamizda so‘nggi uch yilda amalga oshirilayotgan islohotlar yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida tarixiy davr bo‘ldi. Bu borada Toshkent davlat pedagogika universiteti ilmiy-pedagogik jamoasining salmoqli hissasi mavjud.

2020-yil 3-noyabr kuni Toshkent davlat pedagoika universitetida tashkil etilgan ilmiy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashi a’zosi Oynisa Musurmanova, Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon Alijonovich To‘ychiyev, Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari Jahongir Musayev, Baxtinur Xudanov, Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Yusubjanovich Umarov, universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Barno Sayfutdinovna Abdullayeva hamda universitetning doktorantlari ishtirok etishdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad doktoranturada tahsil olayotganlarni ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanishida yuzaga kelayotgan mavjud muammolarni, izlanuvchilarning dissertatsiyalari himoyalarini o‘z vaqtida qilinmayotganligi yechimini topishdan iborat bo’ldi. Shuningdek, bir qator universitet professor-o‘qituvchilari va doktorantlarini ilmiy yutuqlari va muvaffaqiyatli faoliyati bilan qutlash maqsadida taqdirlash marosimi ham bo’lib o’tdi.

Uchrashuvda vazir o‘rinbosari Olimjon Alijonovich To‘ychiyev tomonidan hozirgi kunda izlanuvchilarga yaratilgan sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, mazkur yillarda Toshkent davlat pedagogika universitetida doktoranturani tamomlaganlar jami 65 nafarni tashkil etib, shundan 42 nafari ham tayanch doktoranturada tahsil olib himoya qilishga erishganligi aytib o‘tdi.
Shu bilan birga, doktorantlarga o‘z vaqtida himoya qilish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berdi hamda doktorantlar tomonidan berilgan savollarga javob berib o‘tdi.

Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov respublikada pedagogika sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari, universitetda ilmiy izlanishlar olib borish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, pedagogika sohasini rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuv so‘ngida, muntazam ravishda shu kabi uchrashuvlarni uyushtirishga hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatida doktorantlarning intellektual salohiyatini har tomonlama namoyon etishni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun,
Oxirgi 3 yil ichida jami 47 ta himoyalar qilindi: 9-DSc va 38-PhD.
2020-yilda shu kungacha 2 ta DSc va 16 ta PhD dissertatsiyalar himoya qilindi.
Universitetda 2017-yildan shu kungacha ilmiy salohiyat 41.5% dan 46% ga ko‘tarildi.
2020-yil 30-oktyabr holatiga ko‘ra universitetda 5 nafar doktorant, 57 nafar tayanch doktorant va 38 nafar mustaqil izlanuvchilar ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar.

Bundan tashqari, Toshkent davlat pedagogika universiteti 2021-yil uchun oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutiga tayanch doktoranturaga 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi ixtisosligi bo‘yicha (1 o‘rin), 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (2 o‘rin), 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (5 o‘rin), 13.00.03 – Maxsus pedagogika (2 o‘rin), 19.00.01 – Umumiy psixologiya. Shaxs psixologiyasi. Psixologiya tarixi ixtisoligi bo‘yicha (1 o‘rin) bo‘yicha joy ajratilgan bo‘lib, shundan 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi ixtisosligi bo‘yicha ixtisosligiga 9 nafar, 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi ixtisosligiga 9 nafar, 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligiga 36 nafar, 13.00.03 – Maxsus pedagogika 5 nafar, 19.00.01 – Umumiy psixologiya. Shaxs psixologiyasi. Psixologiya tarixi ixtisoligi 2 nafar nomzodlar tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar topshirishdi.

2020-yildan shu kungacha 46 ta maqola Scopus va boshqa yirik ilmiy texnik bazalardagi jurnallarda chop etildi. Maqolalar soniga iqtiboslik ko‘rsatkichlari 848 tadan 1020 ta, 2114 ta va hozirgi kunda esa 3000 tadan oshib ketdi.
2020-yilda shu kungacha 186 ta maqolalar xalkaro jurnallarda chop etildi.
2020-yilda 291 ta maqola respublika jurnallarida chop etildi.
2020-yilda shu kungacha 18 ta monografiya chop etildi.

Universitetning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro miqyosda tanilishi va raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, universitetda Jahon banki Akademik innovatsiyalar fondining «Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika va psixologiya fanini o‘qitish amaliyoti va ong osti sohasiga doir ta’lim berish jarayonini takomillashtirish” nomli granti bajarilayotgan bo‘lib, uning umumiy moliyaviy mablag‘i 200.000 (ikki yuz ming) AQSh dollarini tashkil etadi.

Universitetdagi ilmiy jurnallarining Scopus, ScienceDirect va boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalariga bosqichma-bosqich kiritilishini ta’minlashga urg‘u berlimoqda. Hozirda yangi “Central Asia journal of Education” nomli jurnalni Quacquarelli Symond (QS) va Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentliklari ro‘yxatiga kiritish ishlari amalga oshirilgan. Mazkur jurnal Scopus, xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga kiritilgan jurnallarga tenglashtirilgan.

Universitetni xalqaro reyting agentliklari tizimiga kiritish borasida amalaga oshirilgan ishlar natijasi o‘aroq, Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentliklari ro‘yxatiga kiritish maqsadida universitening profilini ochishga muvaffaq bo‘lingan.
Universitetda pedagogika, psixologiya, tarix, filologiya fanlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya ro‘yxatiga kiritilgan 2 ta ilmiy jurnal (“TDPU ilmiy axborotlari”. “Pedagogika” ) mavjud.
Universitetda 2 ta (pedagogika fanlari va psixologiya fanlari bo‘yicha) ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar mavjud.

So‘nggi 3 yilda universitetning 161 nafar professor-o‘qituvchining xorijiy oliy ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tashi va malaka oshirishi ta’minlangan. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 46 nafar professor-o‘qituvchining Kanada, Buyuk Britaniya va Italiya davlatlarida stajirovka o‘tashi ta’minlandi.
Universitet talabalarining fan olimpiadalari respublika bosqichida ishtirok etish natijadorligi ortib bormoqda. 2018-yilda 11 nafar, 2019-yilda 14 nafar, 2020-yilda 35 nafar talabalar fan olimpiadasi ikkinchi bosqichi sovrindorlari bo‘lishga erishdilar. Universitetda ilmiy to‘grakalar soni 51 taga yetgan bo‘lib, ularga qamrab olingan talabalar soni 1000 nafardan oshgan.
2-kurs tayanch doktoranti Axmedova Laylo xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirganligi va o‘qitishning yangi innovatsion metodikalarini yaratish yuzasidan takliflari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 1-xonali uy bilan taqdirlangan.
3-kurs tayanch doktorantlari Abduvaliyeva Dilsora va Mirxalikova Charos 2019-yilda xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan “O‘zbekiston ayollarining 100ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” respublika tanlovida g‘olib bo‘lishgan.
3-kurs tayanch doktoranti Xamrakulova Zebo Yoshlar ittifoqi respublika yosh olimlar kengashi tomonidan o‘tkazilgan Yilning eng yaxshi innovatsion loyihalari grant tanlovida 1-o‘rinni egallab 10.000.000 so‘m miqdorida mukofotlangan.
2020-yil iyul oyida universitet doktorantlari Malika Xamdamova va Sabina Smirnovalar pedagogika sohasi bo‘yicha Xalqaro onlayn yosh tadqiqotchilar tanlovida g‘olib bo‘lganlar.