Dunyoda raqamli texnologiyalar, zamonaviy innovatsiyalar barcha soha va odamlar hayotiga jadal kirib bormoqda. Bir vaqtlar insonlar fantastik filmlar orqali namoyish etilgan aql bovar qilmas qurilmalar, ertaklarda uchraydigan “aqlli” buyumlar, avtomatik tarzda harakatlanadigan apparatlar, robot va boshqa texnologiyalarning real hayotda paydo boʻlishini aqliga ham sigʻdirolmasdi.
Ammo tinib-tinchimas olimlarning izlanishlari tufayli bugungi kunga kelib har qanday gʻayrioddiy texnologiya odamlar uchun fantastika boʻlmay qoldi. Asosan rivojlangan davlatlarda ishlab chiqariladigan bunday zamonaviy texnikalar oʻzimizda ham yaratilayotgani, bunda, ayniqsa, yoshlarning hissasi ortib borayotgani quvonarli hol.
Innovatsiya, axborot texnologiyalarini rivojlantirish, barcha jabhalarda joriy etish mamlakatimizda taraqqiyotning muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Oxirgi yillarda yigit va qizlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, ilgʻor gʻoyalar, loyiha va texnologiyalarni hayotga keng joriy qilish, iqtidorli talabalar, yosh olim va tadbirkorlarning innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilyapti. Natijada respublikamizning eng chekka hududlarida yashaydigan yoshlarda ham IT sohaga qiziqish ortib, zamonaviy yoʻnalishga oid bilimlarni egallash, oʻz gʻoyalarini ilm-fan bilan bogʻlagan holda hayotga tatbiq etish istagidagi oʻgʻil-qizlar safi kengayib bormoqda.
Quvonarlisi, bunday iqtidor egalarini bir joyda birlashtirib, gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlaydigan turli markazlar, tashkilotlar qoshida guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Prezidentimiz qarori bilan 2019-yil avgust oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan Yoshlar akademiyasi ham qisqa fursatda ilm-fan sohasiga qiziqqan iqtidorli va tashabbuskor yoshlarni oʻz platformasiga aʼzo qilishni boshladi.
BUYUK BOBOLARGA MUNOSIB VORISLAR VOYAGA YETMOQDA
Akademiyaga oʻz jamoasi, ilmiy ishlanmasi, gʻoya yoki startap loyihalariga ega 40 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar qabul qilinadi. Yosh ixtirochilar bu yerda “Gʻoyalar generatorlari”, “Startaplar”, “Biznes vakillari” hamda “Boʻlajak akademiklar” kabi 4 ta platformadan birida faoliyat yuritishi mumkin.
Mazkur platformalarga jamoalar oʻz maqsad va gʻoyalariga koʻra saralanadi. Masalan, birinchi va ikkinchi platformaga muayyan bir muammoning yechimiga qaratilgan innovatsion gʻoyaga ega yoki uni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan startap loyihalari hamda bu boʻyicha aniq rejasi boʻlgan jamoalar qabul qilinsa, uchinchisi faoliyatida ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini qoʻllagan, tegishli sohada kamida 1 yillik tajribaga ega yoshlarga oʻz eshiklarini ochadi. “Boʻlajak akademiklar” platformasi esa yuqoridagi tizimlarda faol ishtirok etgan, mamlakatning ilm-fan rivojiga katta hissa qoʻshayotgan katta ilmiy salohiyatga ega olimlar uchun istiqbolga yoʻnaltiruvchi mexanizm boʻlib xizmat qilmoqda.
— Ayni paytda Yoshlar akademiyasining 1800 dan ortiq aʼzosi bor, — deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi boshligʻi Firdavs Nematzoda. — Ular geologiya, matematika, fizika, qishloq xoʻjaligi, kimyo sanoati, sogʻliqni saqlash, taʼlim, sunʼiy intellekt, robototexnika va mexatronika, dasturlash, 3D modellashtirish va boshqa yoʻnalishlarda oʻz loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. Aʼzolar orasida innovatsion va amaliy ishlanmalarini hayotga tatbiq etib, muayyan soha rivojiga hissa qoʻshayotgan faol va tashabbuskor jamoalar koʻpchilikni tashkil etadi.
Bugun ular tomonidan ishlab chiqilgan koʻplab loyihalar hayotimizga keng joriy etilmoqda. Xususan, ayni paytda turli sohalarda foydalanilayotgan, tugʻma qoʻlsiz va hayoti davomida qoʻli amputatsiyaga uchragan nogironlar uchun bionik protezlar, oʻpkani sunʼiy shamollatish apparatlari uchun maxsus oksigenatsiya niqoblari, kiyimlar, bolalar oʻyinchoqlari va boshqa uy-roʻzgʻor buyumlaridagi bakteriya va hidlarni bartaraf etishga moʻljallangan “CleanBox” qurilmasi, avtomobillar xavfsizligini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan “Carwon smart security system” mobil ilovasi, maishiy chiqindilar asosida sunʼiy uglerodlashtirilgan material olish qurilmasi, rangli metall buyumlar quyish uchun vakuum asosida ishlaydigan “Humo S1” uskunasi, “Sky project” virtual parashyut simulyatori va boshqa bir qancha ixtirolar oʻzbek yigit-qizlari, xususan, Yoshlar akademiyasi aʼzolari tomonidan yaratilgani bizni quvontiradi.
IXTIROLARI PANDEMIYA DAVRIDA HAM QOʻL KELYAPTI
Ana shunday ixtiro mualliflaridan biri — “Turin invest engineering” kompaniyasining Bobur Zokirov boshchiligidagi tajribali muhandislardan iborat jamoasi bugunga qadar koʻplab yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Pandemiya sabab yuzaga kelgan murakkab vaziyatda ham oʻz ishlanmalari bilan odamlarga koʻmak berishni maqsad qilgan yoshlar qisqa vaqt ichida “Volkswagen Caddy” rusumli avtomashinalar asosida “A” sinfidagi tez tibbiy yordam mashinalarini jihozlashga muvaffaq boʻldi.
4 litrli kislorod silindri oʻrnatilgan avtomobil yaxshi issiqlik va shovqin izolyatsiyasiga ega.
Aytish joizki, bugungi pandemiya sharoitida bunday mashinalar tibbiyot xodimlarining xizmatini yengillashtirishda katta koʻmak beradi. Hozir belgilangan meʼyorlar asosida toʻliq texnik tekshiruv va sinovlardan oʻtgan avtomobillarning 12 tasi jihozlanib, tajriba tariqasida Toshkent viloyatida foydalanishga topshirilgan.
Ayni paytda Turin politexnika universitetida tahsil olayotgan bu yoshlar kelgusida yana-da samarali qurilmalar yaratishni maqsad qilgan.
— Muhandislar, hech mubolagʻasiz, davrimizning haqiqiy qahramonlaridir, — deydi “Turin invest engineering” jamoasi rahbari Bobur Zokirov. — Biz shu sohaning vakillari hamda Yoshlar akademiyasi aʼzolari sifatida xalqimiz turmush darajasini yaxshilash, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qoʻshadigan loyihalar yaratayotganimizdan xursandmiz. Jamoamiz bilan oldimizga qoʻygan maqsadlarimiz koʻp va kelgusida yana-da foydali boʻlgan ixtirolar qilish, innovatsion loyihalarni amalga oshirishda davom etamiz.
SARATON KASALLIKLARINI ERTA ANIQLOVCHI ZAMONAVIY DASTUR
Muslimbek Pirnazarov jamoasi esa Oʻzbekiston bozorida dasturiy taʼminot ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Hozir yoshlar, asosan, 3 ta yoʻnalishda ish olib bormoqda. Birinchi, “Mammo Cancer AI” dasturi jamoaning iqtidorli vakili Zafar Toshpoʻlatov loyihasi asosida ishlab chiqilgan boʻlib, texnologiya koʻkrak saratoni bezi kasalligini sunʼiy intellekt yordamida erta aniqlash imkonini beradi.
Dastur hozir tibbiyotga qoʻllaniladigan koʻkrak bezini aniqlovchi mammografiya tekshiruvi apparatiga ulanadi. Qurilma orqali rentgen tasvirlari dasturga yuborilganida u koʻkrak bezining bor-yoʻqligi, hajmi va boshqa jihatlarini aniqlab beradi. U, shuningdek, saraton bilan bogʻliq koʻz ilgʻamaydigan eng kichik belgilarni ham topib, bu haqida signal orqali shifokorga bildiradi.
Ayni paytda loyiha ishlari boshlangʻich bosqichda. Uni sinovga topshirish uchun saraton tasvirlarini chizib, ularni aniqlash xususiyatini paydo qilish lozim. Loyiha mualliflari tasvirlarni chizishda Respublika onkologiya markazi mutaxassislari bilan hamkorlik qilmoqda.
Hozir loyihaning “Packs” va “Image viewer” dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha jamoa aʼzolari tomonidan faol ishlar olib borilmoqda. Uni yana-da takomillashtirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga moliyalashtirishga koʻmaklashish boʻyicha hujjatlar topshirish koʻzda tutilgan. Rejaga koʻra, 2020-yilning 31-dekabriga qadar dastur sinov tekshiruvlari uchun Respublika onkologiya markaziga topshiriladi.
Ayni damda Turin politexnika universitetida tahsil olayotgan bu yoshlar yana bir yirik loyihaga qoʻl urgan. Jamoa aʼzolari tomonidan ishlab chiqilayotgan universitet tizimini toʻliq avtomatlashtirish dasturi oliy oʻquv yurtining barcha jabhalarini oʻz ichiga qamrab oladi. Bunda talabalarning universitetga hujjat topshirishidan boshlab, taʼlim tizimi, sport, kutubxona, mutaxassislikka yoʻnaltiruvchi toʻgaraklar bilan ishlash jarayonlarining barchasi avtomatlashtiriladi. Loyiha nafaqat talabalar, balki universitetning professor-oʻqituvchilari va barcha xodimlar uchun qulay tizimga aylanishi kutilmoqda.
— Biz ushbu zamonaviy dastur orqali tizimga ulanadigan har bir kishining maʼlumotlari daxlsizligini taʼminlash, foydalanuvchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish hamda universitet hayotini yagona manbada qamrab olishni maqsad qilganmiz, — deydi Muslimbek Pirnazarov. — Hozir dasturni takomillashtirish ishlari olib borilyapti va rejaga koʻra, loyiha 2021-yil sentyabr oyida ishga tushishi moʻljallangan.
Yosh dasturchilar turli korxonalar, ishlab chiqaruvchilar uchun biznes jarayonlarni avtomatlashtiradigan “ERP” tizimini yaratish ustida ham ish olib bormoqda. Aslida jahonda bunga oʻxshash tizimlar koʻp, ammo narxi balandligi bois, ulardan foydalanish koʻrsatkichi bizda u qadar yuqori emas. Loyiha mualliflari ishlab chiqqan tizim esa “Software As a Service” shaklida ish yuritishga moʻljallangan boʻlib, unda yaxlit bir tizim ishga tushishi hisobiga korxonalar alohida dastur yaratish uchun katta mablagʻ sarflashlariga toʻgʻri kelmaydi. 2021-yilning fevral oyida ishga tushishi kutilayotgan mazkur tizim dasturiy taʼminotning tannarxini kamaytirish imkonini yaratish bilan bir vaqtda korxonalarga kerakli boʻladigan koʻplab servislarni koʻrsata oladi.
RAGʻBAT VA MOTIVATSIYA — YoSHLARNI YUKSAK MARRALAR SARI RUHLANTIRADI
Yoshlar akademiyasining har bir aʼzosi ana shunday iqtidor egalari. Bugun respublikamizning har bir viloyatida akademiyaning yetakchisi saylanib, iqtidorli yoshlar jamoalari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar saralab olinyapti. Oʻtgan qisqa vaqt ichida ana shunday yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, akademiya aʼzolarini ragʻbatlantirish, istiqbolli ishlanmalarga ega yoshlarga motivatsiya berish maqsadida bir qator yoʻnalishlarda amaliy, innovatsion va startap loyihalar tanlovlari oʻtkazib kelinyapti. Xalqaro miqyosda tashkil etilayotgan tadbirlarda akademiya aʼzolari faol ishtirok etib, ixtirochilik, zamonaviy kashfiyotlar qilishda hech bir rivojlangan mamlakatlardan qolishmasligini namoyon etyapti.
2019-yilning 29—31-oktyabr kunlari “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida “InnoWeek — 2019” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida oʻtkazilgan Xalqaro robototexnika musobaqasida ham Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo 25 ta mamlakatdan kelgan 500 nafar ishtirokchi orasida yurtimiz yoshlari umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Pandemiya sharoitiga qaramay, ana shunday yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida joriy yilning oʻzida Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan “Covid-19 challenge 2020” innovatsion vositalar va yechimlar onlayn tanlovi, innovatsion gʻoyalariga ega talabalar, yosh olimlar, tashabbuskor fuqarolarni izlab topish va ragʻbatlantirish maqsadida “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni uchun hamda eng yaxshi 20 ta startap loyihalar tanlovi boʻlib oʻtdi.
Bugun Yoshlar akademiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning aksariyati hududlarda oʻgʻil-qizlarning intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish, ularni jamiyatda olib borilayotgan islohotlarning faol yetakchilariga aylantirishga qaratilgan. Ana shu maqsadda hukumat qarori bilan bugun respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich Yoshlar texnoparklari tashkil etilyati. Chekka hududlarda istiqomat qiladigan yigit-qizlarni mamlakatimiz rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan soha va yoʻnalishlar boʻyicha oʻqitishga qaratilgan “Texnobus” innovatsion taʼlim avtobusi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Undagi ilk mahorat darslari Toshkent viloyati Ohangaron shahri hamda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi iqtidorli yoshlari uchun tashkil etildi.
Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 40 yoshgacha boʻlgan olimlarni ragʻbatlantirish, ularning ilmiy faoliyatlariga koʻmaklashish maqsadida yangi tizim ishlab chiqildi. Unga koʻra, “Scopus” xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazasida eng yuqori Xirsh indeksiga ega olimlarni yil yakunida erishgan natijalari asosida 100 mln soʻm pul mukofoti bilan moddiy ragʻbatlantirish koʻzda tutilgan.
— Bugungi kunda zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallash har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi shartiga aylanib bormoqda, — deydi Firdavs Nematzoda. — Bu borada Yoshlar akademiyasi jamoasi koʻzlagan marralar qanchalik mashaqqatli boʻlmasin, ularga erishish uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud. Yoshlarimizning ilmiy va bunyodkorlik salohiyati hamda tadbirkorlik fazilati bizga bu yoʻlda beqiyos kuch-qudrat manbayi boʻlib xizmat qiladi. Biz xalqimizning farovon hayoti, yorugʻ kelajagini taʼminlash va Uchinchi renessansga haqiqiy poydevor boʻlish yoʻlida Yoshlar akademiyasining har bir aʼzosi bilan birgalikda ishlash, bu yoʻlda bor salohiyat, bilim va tajribamizni safarbar etishga doim tayyormiz.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri