Eng yuqori Xirsh indeksiga erishgan 40 yoshgacha boʻlgan olimlarga 100 mln. soʻm miqdorida mukofot beriladi.

Nashr etilgan maqolalar va undan keltirilgan iqtiboslar soniga asoslanuvchi «Xirsh indeksi»ga erishgan yosh olimlarga 100 mln soʻm miqdorida mukofot beriladi.
Prezidentimizning tashabbuslari bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan matematika, kimyo, biologiya va geologiya yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan iqtidorli yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularni rag‘batlantirish maqsadida 2020-yil yakuni boʻyicha Scopus xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazasi boʻyicha eng yuqori «Xirsh indeksi»ga erishgan 40 yoshgacha boʻlgan olimlarga Yoshlar akademiyasining Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bir martalik toʻlanadigan 100 mln soʻm miqdorida mukofot beriladi.

☑️ Scopus – dunyoning eng nufuzli ilmiy-tahliliy reyting platformalaridan biri boʻlib, ilmiy maqolalar mualliflari, olimlar, jurnallar, tashkilotlar, mamlakatlar reytinglarini tuzish imkonini beradi. Undan oʻrin olish uchun talab etiladigani – ilmiy maqola yozish. Reytingda oʻsish uchun mazkur ilmiy maqolaga havola berilishi, olimlar oʻz maʼruzalarida uni tilga olishlari kerak. Bu qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi. Maqolaga havola berilishi uning ilmiy hamjamiyat uchun haqiqatda muhim ekanini bildiradi.

☑️ «Xirsh indeksi» 2005-yilda amerikalik olim Xorxe Hirsh tomonidan olimlarning ilmiy faoliyati natijadorligini hisoblash uchun taklif etilgan koʻrsatkichdir. Mazkur indeks olim, ilmiy tashkilot yoki mamlakatning nashr etilgan maqolalari va unga koʻrsatilgan iqtiboslar soniga asoslanadi. Indeksni hisoblashda tadqiqotchining ilmiy maqolalarini har bir maqola boʻyicha iqtiboslarga taqsimlash asosida hisoblanadi.

📌Qayd etilishicha, Oʻzbekiston olimlarining Scopus jurnallarida chop etiluvchi maqolalariga oʻrta hisobda 9-11-marta havola beriladi.

_______________
Yoshlar akademiyasi — Ilm-fan sohasiga o’z hissangni qo’sh