Yosh olimlarning amaliy va innovatsion loyihalari tanlovi

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi iqtidorli yosh olimlarning ilmiy-innovatsion faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq yosh olimlarning amaliy va innovatsion loyihalari tanlovini

EʼLON QILADI 

 

Tanlovning asosiy maqsadi – iqtidorli va isteʼdodli yosh olimlarning ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalari va tashabbuslarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish hamda salohiyatli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etishdan iborat.

Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”  2019-yil 30-avgustdagi PQ-4433-son qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”  2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi.

 

Tanlov shartlari

 

Tanlovga taqdim etiladigan amaliy va innovatsion loyihalar quyidagi talablarga javob berishi zarur:

1) loyiha ijrochilariga qoʻyiladigan talablar:

loyiha rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi aʼzosi boʻlishi. Akademiyaga aʼzo boʻlish uchun Yoshlar akademiyasining rasmiy veb-sahifasi yoshlarakademiyasi.uz saytidan roʻyxatdan oʻtish zarur;

loyiha ijrochilarining yoshi ularning ilmiy darajasi, unvoni, mansabi va ish joyidan qatʼi nazar 40 yoshdan oshmasligi;

loyiha ijrochilari tarkibiga ilmiy stajyor lavozimining kiritilgani;

loyiha doirasida uning ijrochi tashkilotining asosiy shtatidagi xodimlari tarkibidan kiritilgan ijrochilardan kamida bittasi tomonidan falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish boʻyicha dissertatsiyani tayyorlash va himoya qilish rejasining mavjudligi;

Loyiha doirasida ajratiladigan mablagʻlarning ish haqidan tashqari kamida 40 foizi ilmiy asbob-uskunalar, xom-ashyolar hamda boshqa zarur materiallarni xarid qilish va natijada yuqori qiymatga ega, tijoratlashtirish imkoni yuqori boʻlgan yangi mahsulot (xizmat)larni ishlab chiqarishni taʼminlashga yoʻnaltirilganligi. Bunda loyiha doirasida ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash boʻyicha aniq reja loyihaga ilova qilinishi lozim.

2) loyiha mazmuni quyidagi talablarga mos boʻlishi zarur:

ilmiy loyihaning tanlov mavzusiga mos tarzda ishlab chiqilganligi;

ilmiy loyihaning tanlov shartlariga muvofiq shakllantirilganligi.

Koronavirus pandemiyasi sababli respublikamizda eʼlon qilingan karantin sharoitida loyihalar www.fan-portal.uz veb-sahifasi orqali
2020-yilning 31-avgustgacha qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

Bunda quyidagi hujjatlarning asl nusxasi skaner qilinib, pdf shaklida www.fan-portal.uz veb-sahifasiga yuklanishi lozim:

ijrochi tashkilotning yuqori turuvchi vazirlik/idorasi rahbari (oʻrinbosari) tomonidan imzolangan yoʻllanma xat;

ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan koʻchirma;

amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda).

Loyiha matni A4 formatdagi standart qogʻoz varagʻining ikki tomonida joylashishi va qoida tariqasida 1,15 qator oraligʻida yozilishi lozim. Har bir bet yuqoridan va pastdan 2 sm; chapdan 3 sm; oʻngdan 1,5 sm hoshiyaga ega; xatboshi 1,27 sm ga teng va bir xilda boʻlishi lozim.

Matnni tayyorlashda “Times New Roman” 12 oʻlchamli shriftda “Misrosoft Word” matn redaktoridan foydalanish tavsiya qilinadi.

Betlar titul varagʻidan boshlab oxirgi varaqqacha izchil ketma-ketlikda raqamlanadi. Betning tartib raqami varaqning pastki oʻng burchagida 2 raqamidan boshlab yoziladi. Titul varagʻiga 1 raqami qoʻyilmaydi.

Loyihaning har bir talab qilingan hujjati va boshqa tarkibiy qismlari yangi betdan rasmiylashtiriladi.

Loyiha rahbari va ishtirokchilarining mezonlarda talab qilingan ilmiy ishlar roʻyxati (oxirgi 3 yil davomidagi nashrlar quyidagi xronologik tartibda keltirilib, izchil ketma-ketlikda raqamlanadi: monografiya; patent; ilmiy maqola; ilmiy toʻplamlar va boshqa nashr ishlari) 3.4-shaklga qatʼiy rioya qilingan holda rasmiylashtiriladi va muallif, ilmiy kotib tomonidan imzolanib, tashkilot muhri bilan tasdiqlanadi.

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiat) yoʻl qoʻyilmaganligi, belgilangan talablar asosida shakllantirilganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.

Dastlabki texnik ekspertizadan oʻtmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.

Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

Tanlov mavzusi boʻyicha bitta loyiha kelib tushgan taqdirda ushbu mavzu boʻyicha qayta tanlov eʼlon qilinadi. Uning natijasi boʻyicha ham yangi loyiha kelib tushmasa, dastlab kelib tushgan loyiha rahbari bilan muzokara oʻtkazilib, salohiyatiga koʻra keyingi bosqichga tavsiya etiladi.

Eslatma: 

Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot www.mininnovation.uz veb-saytida “Tanlovlar” ruknining “Tanlov natijalari” interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.

www.fan-portal.uz veb-portali orqali elektron roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq texnik masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish vazirligining qoʻllab-quvvatlash xizmati – Axborot texnologiyalarini joriy etish boʻlimi: (71) 203-32-23 (620, 621), (90) 993-99-32.

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq yosh olimlarning amaliy va innovatsion loyihalari tanlovining MAVZULARI ROʻYXATI quyidagicha:

  1. “Texnika fanlari” yoʻnalishi boʻyicha;
  2. “Axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fanlari” yoʻnalishi boʻyicha;
  3. “Qishloq xoʻjaligi, veterinariya va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari” yoʻnalishi boʻyicha;
  4. “Tibbiyot fanlari” yoʻnalishi boʻyicha;
  5. “Matematika, fizika va mexanika fanlari” yoʻnalishi boʻyicha;
  6. “Biologiya fanlari” yoʻnalishi boʻyicha;
  7. “Farmakologiya va farmatsevtika fanlari” yoʻnalishi boʻyicha;
  8. “Kimyoviy texnologiyalar va nanotexnologiyalar fanlari” yoʻnalishi boʻyicha;
  9. “Arxitektura, qurilish, dizayn va shaharsozlik fanlari” yoʻnalishi boʻyicha;
  10. “Yer toʻgʻrisidagi fanlar” yoʻnalishi boʻyicha.