Yangiliklar

“TECHDAY” — Xalqaro robototexnika kuniga bag‘ishlangan tadbir

Joriy yilning 7 fevral kuni Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetida “TECHDAY” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

 

Tadbirni ochib berar ekan, innovasion rivojlanish vazir o‘rinbosari Olimjon To‘ychiev mazkur sananing tarixiga nazar soldi.

– Aynan 7 fevral sanasida fantast yozuvchi, olim Ayzek Azimov robototexnikaning uch ustunini ifodaladi. Robot insonga zarar yetkazmasligi yoki harakatsizligi tufayli insonga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Robot inson tomonidan berilgan barcha buyruqlarga bo‘ysunishi kerak, birinchi qonunga zid bo‘lgan buyruqlar bundan mustasno. Robot o‘zining xavfsizligiga birinchi va ikkinchi qonunlarga zid kelmaydigan darajada g‘amxo‘rlik qilishi kerak, – dedi O.To‘ychiev.

Bugungi kunda robotlar kundalik hayotda ham, barcha sohalarda ham odamlarga yordam beradi. O.To‘ychiev o‘z navbatida o‘z startaplarini rivojlantirishga yoshlarni qiziqtirish, startaplar orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, ilmiy ishlarni jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni sifatli ishlab chiqishda faol ishtirok etishni so‘rab qoldi.

Startaplar mamlakatdagi ichki ilmiy salohiyatni qo‘llab-quvvatlashda katta ahamiyatga ega. Ular kichik biznes va yuqori texnologiyalar bozorini rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi.

Tadbirda, shuningdek, Innovasion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan Yoshlar Akademiyasi haqida so‘z yuritildi. Mazkur Yoshlar akademiyasiga qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida mazkur tadbirda yetuk mutaxassislar, olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish va xususiy sektor vakillari taklif etildi. Xususan, seminarda Turin politexnika universiteti rektori O‘ktam Salomov va prorektori Jamshid Inoyatxo‘jaev, NAPA EDU HUB IT akademiya asoschisi Umid Abdusattorov, COCA COLA Bottlers Uzbekistan Texnik menejer o‘rinbosari Sunatillo Islomov, BMT TD Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha loyiha rahbari Usmon Rahimjonov, ʼʼO‘zavtosanoatʼʼ AJ boshqaruvi raisining axborot texnologiyalar bo‘yicha maslahatchisi Sanjarbek Nosirbekov, "Mangano Robotiks" kompaniyasi ilmiy xodimi Jasurxo'ja Xolxo‘jaev so‘zga chiqdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – belgilab berilgan topshiriqlarni bajarishga qaratilgan yosh tadbirkorlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularga g‘oyalar generatori hamda aksselerator tizimi haqida tushuncha berish va ularning ijtimoiy faolligini oshirishdan iborat.